O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyi o‘zining navqiron 80 yoshini qarshiladi.
Bu tabarruk yosh ta’lim tizimida unchalik katta davrni qamrab olmasa-da, faoliyati jihatidan salmoqli va nufuzga ega bo‘lgan, kichik tarix salnomalari, o‘z yo‘nalishi bilan katta ahamiyat kasb etadi desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
Ikkinchi jahon urushining yakunlanishi arafasida Sovet Ittifoqi harbiy orkestrlari xizmati rahbari, bosh harbiy konsertmeyteri general-mayor S.A.Chernetskiy harbiy orkestrlarda ko‘p yillardan beri muammo bo‘lib kelgan harbiy qismlar tarkibidagi damli orkestrlarni musiqa ijrochi kadrlar bilan ta’minlash uchun bilimgohlar ochish, hamda o‘quv jarayonini tashkil etish masalalariga qaratdi. Ittifoq darajasida dolbzarb bo‘lgan masala sifatida Sovet Ittifoqi mudofaa vaziri o‘rinbosari, mashhur harbiy qo‘mondon, marshal Georgiy Jukovning bevosita yordamida SSSR Mudofaa Vazirligining 1944 yil 27 mart №071-sonli buyrug‘i asosida Boku, Toshkent, Novosibirsk, Irkurtsk, Ufa, Erevan, Ryazan, Sverdlovsk, Xabarovsk, Moskva, Leningrad shaharlarida maxsus harbiy musiqaga tarbiyalanuvchilar maktablarini ochilishiga sababchi bo‘ldi. S.A.Chernetskiy harbiy musiqa maktablarning ijodiy va tashkiliy ishlarini o‘z nazorati ostida saqlab zarur bo‘lgan masalalarni hal etilishida faol ishtirok etdi.
1308-sonli O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari sovetining qarori bilan Toshkent shahar harbiy musiqachilar tarbiyalanuvchi maktabi ochildi.
O‘rta Osiyo harbiy okrugi qaramog‘ida yangi tashkil etilgan Toshkent harbiy musiqa tarbiyalanuvchilar maktabi (1944 yil 17 may №0169-sonli buyruq) maktab-internat tizimidagi bilimgohlar mezonida tuzilgan bo‘lib, o‘quvchilar yashash sharoitlari, ovqatlanish, kiyim-kechak bilan ta’minlanib, harbiycha kun tartibiga asoslangan o‘quv jarayonida taxsil olishlari belgilandi[6].
Toshkent harbiy musiqa tarbiyalanuvchilar maktabi (hozirgi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi binosi) Toshkent piyodalar bilim yurti binosida oktyabr oyida 151 tarbiyalanuvchi bilan o‘quv jarayonini boshladi[7].
Mazkur ta’lim muassasasini ochishdan maqsad birinchi navbatda urush janggohlarida vafot etgan jangchilar farzandlari, shuningdek ota – onasiz, qarovchisiz qolgan yetim bolalar ichidan musiqaga iqtidorlilarni aniqlash va kelajakda ulardan harbiy orkestrlar vа аnsambl jamoalariga kadrlar yеткаzib berish bo‘lgan. O‘quvchilarning yoshi 11-15 yoshlar orasida, O‘rta Osiyo respublikalari: O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmanistonlardan kelgan nomzodlar imtihonsiz qabul qilinganlar. O‘zbkistondan - 85 nafar, Qirg‘izistondan - 48, Turkmanistondan - 3, Qozog‘istondan – 15 nafarni tashkil etgan. (R-94 opis 8 delo №7090 sr188 prilojeniya№2). O‘rganilgan arxiv hujjatlaridan dastlab maktabda ta’lim rus – tilida olib borilganligi ma’lum bo‘ldi. (Arxiv .R-94 opis 8 delo №7090 sr188 prilojeniya №6)[7].
Toshkent harbiy musiqa tarbiyalanuvchilar maktabining asosiy vazifasi - musiqa va umumta’lim fanlari bo‘yicha boshlang‘ich va o‘rta ta’lim o‘quv dasturlari asosida to‘liq ma’lumot berish, o‘quvchilarning musiqa ijrochilik malakalarini rivojlantirish, harbiy orkestrlar uchun mutaxassislarni tarbiyalashdan iborat bo‘lib, sog‘lom hamda Vataniga sodiq, har tomonlama rivojlangan yosh o‘g‘il bolalarni tarbiyalashdan iborat deb belgilangan. Bu talablarni amalga oshirish uchun maktab-internatning moddiy-texnik ta’minotiga alohida e’tibor qaratilib, intellektual salohiyati yuqori talab darajasida bo‘lgan o‘qituvchi-mutaxassislar jalb etilib, o‘quv yurtini boshqaruviga harbiy qismlarning yuqori malakali va tajribali ofitserlari tayinlangan. Ko‘p o‘tmay Toshkent harbiy musiqa tarbiyalanuvchilar maktabi O‘zbekiston Ministrlar kengashining 1956 yilning 17 may 362-sonli Qarori bilan Maorif ministrligi tizimiga o‘tkazildi.
Toshkent harbiy musiqaga tarbiyalanuvchilar maktabi 50-yillarning ikkinchi yarmida qisman o‘zgartirilib 1956-1957 o‘quv yilidan boshlab Respublika musiqachilarni tarbiyalovchi maktab-internati deb nomlanib (O‘zbekiston SSR Vazirlar kengashining №362-233-sonli 1956 yil 17 may qarori) O‘zbekiston SSR Maorif vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan. Ushbu qarorning asosiy mazmun mohiyati bo‘yicha o‘quv dasturlari qisman o‘zgartirilib, musiqa tarbiyasi, mehnat, chizmachilik kabi fanlarga ajratilgan dars soatlarni qisqartirish hisobiga, umumta’lim maktablarida qo‘yiladigan talablar bo‘yicha o‘quv dasturini to‘liq bajarish majburiyati belgilangan.
2018-2024 yillar mazkur muassasa harbiy tizimga o‘tish davri sifatida o‘zining yangi tarixiy davrini boshladi. Ta’lim muassasamizning huquqiy asoslari qabul qilindi, litseyda kasbiy tayyorgarlik hamda o‘quv jarayoni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 noyabrdagi 971-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga, keyinchalik 2022 yil 16 fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-129-son Qarori bilan bilim dargohiga “Harbiy musiqa akademik litseyi” maqomi berildi [1]. Bu tarixiy jarayondan e’tiboran Yangi O‘zbekistonning – yangi harbiy musiqa ta’limi davri boshlandi. MDH davlatlarida, qolaversa Markaziy Osiyoda hozirgi kunda yagona va o‘ziga xos yo‘nalishga ega bilim maskani bunyod bo‘ldi desak, shubhasiz, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ta’limdagi islohotlarning keng va xilma-xil, zamonaviy texnologiya, innovatsion qarashlar va talablarni mujassam qilgan fan, ilm va ta’lim yutug‘lari asosidagi yuksak ma’naviy, tarbiyaviy, milliy an’analarga boyitilgan bilim berishlilik dolzarbligi belgilab berildi[2].
Ushbu talablarni bajarishga akademik litseyimizda 1nafar professor, 2 nafar dotsent, 2 nafar fan nomzodi, 3 nafar izlanuvchi aspirant, 1 nafar O‘zbekiston san’at arbobi, 2 nafar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 3 nafar Davlat mukofoti sohibi, 16 nafar Xalq ta’limi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi a’lochilari, umumta’lim fan o‘qituvchilaridan 5 nafari xorijiy tilni bilish darajasi to‘g‘risida S-1, V-2 Xalqaro sertifikatga, 3ta O‘zbekiston Respublikasining Milliy sertifikatiga ega bo’lgan ustozlar o‘z faoliyatlarini olib bormoqdalar.
19 ta - Respublika va 3ta - Xalqaro aloqalar bo‘yicha hamkorlik Memorandumlar (Hamkorlik shartnomalari) imzolangan.
Milliy gvardiya tasarrufiga o‘tkazilganidan buyon 3 nafar ustozlar “Mehnat shuhrat ordeni”, “Sodiq xizmatlari uchun” va “Shuhrat” medallari va bir o‘quvchimiz “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi bo‘ldi. Shuningdek, Milliy gvardiya ta’sis etgan bir qancha ko‘krak nishonlari va mukofotlarga ham sazovor bo‘lib kelmoqdalar.
"Gender tengligi", "Mumtoz adabiyot va mumtoz musiqa masalalari", "Yangi O‘zbekiston yoshlarini tarbiyalashda musiqa ta’limi maqsad va vazifalari" mavzularida Respublika ilmiy-amaliy seminar vebinar va konferensiyalar, “Musiqiy ta’lim va harbiy vatanparvarlik an’analarining istiqboli” mavzusida I Xalqaro anjuman o‘tkazildi. Barcha o‘tkazilgan konferensiya materiallari to‘plam shaklida chop etildi.
Shuningdek, 1ta darslik, 6ta o‘quv va uslubiy-o‘quv qo‘llanmalar nashr etildi va o‘quv jarayoniga tadbiq etildi.
Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida litseyimiz o‘quvchilari respublika va xalqaro miqyosida o‘tkazilgan musiqa tanlovlari hamda sport musoboqalarida ko‘plab sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Xususan, 26 marta o‘tkazilgan “San’at g‘unchalari” respublika tanlovida 1200 nafarga yaqin o‘quvchilar ishtirok etib, ulardan 600 nafardan ortig‘i tanlovning g‘olibligi va sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishgan.
Aynan, Milliy gvardiya tashabbusi va qo‘llab quvvatlashi, qolaversa rahnomaligi sababli Respublika “San’at g‘unchalari” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, tajriba orttirgan yosh ijrochilarining aksariyati dunyoning turli mamlakatlarida, jumladan: Italiya, Fransiya, Polsha, Ozarbayjon, Rossiya, Serbiya, Belorussiya, Qozog‘iston, BAA, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro tanlovlar hamda festivallarda ham ishtirok etishib sovrinli o‘rinlarni egallashga muvaffaq bo‘lishmoqda.
Respublika bolalar musiqa ijodkorlarining “Qaldirg‘och” tanlovida umumiy 10 o‘quvchimiz g‘olib bo‘lib, ularni asarlari 3ta nota to‘plamlarida nashr etildi.
Matematika fani bo‘yicha Xalqaro “Asia science and Mathematics” olimpiadasida 4 nafar o‘quvchilar g‘olib bo‘lib, Abdusamatov Bilolxo‘ja Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan “Asia science and Mathematics” grant sertifikatini qo‘lga kiritib Xalqaro universitet va kollejlarga kirish huquqiga ega bo‘ldi.
Jalolova Zahro esa “XPERT STEM Xalqaro fan, IT texnologiyalari, ingliz tili, matematika” olimpiadasining 2026-yilning 16-21 iyunda AQSHning Massachusetts shtati Boston shahrida hamda 10-15-avgust kunlari Buyuk Britaniyaning London shahrida bo‘lib o‘tadigan XPERT STEM Xalqaro fan, IT texnologiyalari, ingliz tili, matematika olimpiadasining final bosqichiga yo‘llanma oldi.
Shuningdek, musiqa va umumta’lim fanlari bilan birgalikda sport sohasida ham yutug‘larga erishildi. Jumladan, sportning jangovor turlari Karate-DO, Usmanov Kombat sisteyms va Muaytay bo‘yicha bir qator Respublika, Osiyo va Jahon chempionlari yetishib chiqdi. O‘zbekiston sport ustasi unvoniga Xo‘jamberdiyeva Lobarxon va Botirova Zuxra sazovor bo‘lishgani, Yoqubjon Mahkamboyev esa chempionlik kamarini qo‘lga kiritgani barchamizni quvontirdi. Yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Muaytay WMO federatsiyasi faoliyatini aynan bizning muassasamizda boshlayotgani ham bizning litseymizda yaratilgan shart-sharoitlarning natijasidir. Yaratilgan sharoitlar ta’lim sifatini oshirilishida katta ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, yangi tashkil etilgan Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti va Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati inistituti, Maqom markazlari mutaxassislari, erkin ijodkor olimlar bilan ishlar olib bormoqda. Shuningdek, o‘quv soatlarini maqsadli ko‘rib chiqib, Estrada cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishi bo‘yicha yangi: “Musiqa informatikasi” va “Musiqa akustikasi”, “Saksofonchilar”, “Zarb sadolari”, “O‘zbek milliy damli va zarbli cholg‘ulari” ansambllari hamda tajriba sifatida kiritilgan “Xor”, “Kompozitorlik”, “Ovoz rejessyorligi”, “Raqs”, “Musiqa rejissyorligi”, “Estrada xonandaligi” hamda O‘zbek musiqa adabiyoti va Maqom alifbosi fanlari, kabilar o‘quv jarayoni bilan bog‘liqlikda va maqsadli tashkil etilgan to‘garak yo‘nalishlari hozirgi kunda o‘zining ijobiy natijasini berib kelmoqda. Shuningdek, turli fanlar bo‘yicha 40 dan ziyod qiziqarli to‘garaklar o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Harbiy musiqa yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitishda yangi talablar ishlab chiqildi. Barcha harbiy marosimlarni o‘tkazishda Qurolli kuchlar nizomida yozilgan talablarni bajarilishi uchun “Harbiy musiqiy” repertuar dasturi ishlab chiqildi va o‘quv jarayoniga tadbiq etildi. Jumladan: Orkestr safda, musiqachilarni cholg‘ular bilan harakatlari, difele elmentlarini ishlash, difele yo‘nalishida konsert nomerlarini tayyorlash va konsert chiqishlarga tadbiq etish. “Plas – konsert” janrini tashkillashtirish bo‘yicha ham ishlar bajarildi. Sohaviy tadbirlar “Harbiy qasamyod”, “Va’da” va bitiruv – diplomlar topshirilish marosimlari hamda gulchambarlar qo‘yish, o‘quvchilarning ko‘rgazmali chiqishlari kabilar o‘quv jarayonining amaliy mashg‘ulotlariga kiritildi.
Harbiy yo‘nalishda ta’lim jarayonini dala sharoitini amaliy qo‘llash maqsadida o‘quv palatkasi o‘rnatilib, o‘quv ko‘rgazmali qurollari bilan jihozlandi.
Harbiy musiqa akademik litseyi 80 yil davomida uzluksiz o‘sib kelayotgan yosh avlodni badiiy-estetik tarbiyalab, Qurolli Kuchlarimiz: Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Chegara va Qorovul qo‘shinlari alohida na’munali ko‘rgazmali orkestrlari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat katta akademik opera va balet teatri, O‘zbekiston milliy va O‘zbekiston davlat simfonik orkestrlari, Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali teatr, O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri va estrada orkestrlari hamda boshqa ko‘plab musiqiy jamoalarga yuqori malakali ijrochilarni tayyorlab berishdek mas’uliyali va sharafli ta’lim-tarbiyaviy hamda ilmiy-ijodiy faoliyatni samarali davom ettirish yo‘lida jamoamiz bir tan-u bir jon bo‘lib oliy maqsadlar sari intilishdadir.
Bugun yoshlarimizni o‘qitishda Harbiy ta’lim tizimida ilm-fan va yuksak pedagogik texnologiyalarni qo’llanilishi, kelajakda ularni ilmli va bilimli qilib tarbiyalash, vatanparvarlik an’analarini shakllantirish, g‘urur va iftihorni hamda xalqparvar, qasamyodiga sodiq, yetuk shaxslarni davlat himoyasi uchun tayyorlashdek vazifalarimiz oliy maqsadlarimizdan bo‘lishi kerak.
Zero, yosh avlodga sifatli va zamonaviy talablardagi harbiy ta’limning berilishi esa bugungi va ertangi kunlarning istiqbollarini belgilab beradi. Muhtaram yurtboshimizning yoshlarga yuksak ishonch bildirib “Yoshlar bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir”, – deb bildirgan fikrlari naqadar hayotiy va dolzarbligidan dalolatdir.
Ravshan Maxkambayevich Nigmatov,
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi
Harbiy musiqa akademik litseyi direktori,
professor v.b.