Адрес:
O'zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, S mavzesi 6 A

Prezident Shavkat Mirziyoevning Oʼzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bagʼishlangan tantanali marosimdagi nutqi 01.09.2021 yil

Prezident Shavkat Mirziyoevning Oʼzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bagʼishlangan tantanali marosimdagi nutqi

primary-large


Аssalomu alaykum, qadrli vatandoshlar! Muhtaram mehmonlar! Xonimlar va janoblar!

 

Bugun yurtimizda ulugʼ bayram, katta tantana. Koʼpmillatli Oʼzbekiston xalqi jonajon Vatanimiz istiqlolining shonli oʼttiz yillik toʼyini zoʼr shodu xurramlik bilan nishonlamoqda.

“Yangi Oʼzbekiston” deb nom olgan mana shu muazzam bogʼda biz bugun birinchi marta Mustaqillik bayramini oʼtkazmoqdamiz. Shu munosabat bilan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklab, oʼzimning samimiy va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Аziz doʼstlar!

Barchamizga ayonki, el-yurtimiz asrlar davomida ozod va erkin hayotni, adolatli jamiyatni orzu qilib yashadi. Bu muqaddas maqsad yoʼlida jon olib, jon berib kurashdi, mashaqqatli sinovlarni mardona yengib oʼtdi.

Xalqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zoʼravonliklar yoʼqota olmadi. Bunga koʼhna tariximizning oʼzi guvoh.

1991 yil 31 avgust kuni mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom maʼnodagi buyuk tarixiy voqea yuz berdi. Necha yuz yillar davomida kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan xalqimiz ulugʼ orzusiga erishdi – oʼzining davlat mustaqilligini qoʼlga kiritdi. 

Bugungi qutlugʼ ayyomda barchamiz, butun xalqimiz Oʼzbekiston mustaqilligini eʼlon qilib, tariximizning eng murakkab va ogʼir davrlarida davlatimizni boshqargan Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Аbdugʼanievich Karimov nomini, u kishining bevosita rahbarligida, xalqimizning matonati va jasorati bilan amalga oshirilgan ulkan ishlarni esga olishimiz tabiiydir.

Istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yoʼlida muhim ishlar bajarildi. Qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi ishlab chiqildi. Zamonaviy davlatchilik asoslari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari shakllandi.

Mamlakatimiz mustaqilligi va suverenitetini, sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir boʼlgan Qurolli Kuchlar barpo etildi.

Milliy valyutamiz – soʼm joriy qilindi, oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi. Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, oʼzligimiz tiklandi.

Muxtasar aytganda, koʼpni koʼrgan xalqimiz oʼzining mustahkam irodasi va matonati, beqiyos salohiyatini namoyon etib, tarixan qisqa fursat ichida ulkan taraqqiyot yoʼlini bosib oʼtdi.

Vatanimiz jahon hamjamiyatidan munosib oʼrin egalladi.

Mana shunday buyuk tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etish nasib qilganidan koʼpchilik vatandoshlarim qatori men ham baxtiyorman.

 

Hurmatli tantana qatnashchilari!

 

Biz bugun xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan yangi Oʼzbekiston davlatini, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda avvalo bebaho boyligimiz boʼlgan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga eng muhim vazifa sifatida ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.

Bugun dunyoda va mintaqamizda, chegaralarimizda keskinlik, turli tahdid va xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda bu masalaning qanday beqiyos ahamiyatga ega ekanini hammamiz yaxshi tushunamiz. 

Davlat va jamiyatimizning siyosiy-huquqiy poydevorini mustahkamlash, mamlakatni modernizatsiya qilish, bu jarayonda parlament va siyosiy partiyalarning rolini, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng koʼlamli demokratik islohotlar jadal amalga oshirilmoqda. Demokratiyaning asosiy talabi boʼlgan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, soʼz va vijdon erkinligini taʼminlashga alohida eʼtibor berilmoqda.

Respublikamizda Inson huquqlari boʼyicha Milliy strategiya qabul qilindi. Koʼp yillardan buyon jiddiy muammo boʼlib kelgan majburiy va bolalar mehnati toʼliq tugatildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqarolik masalasi boʼyicha chaqirigʼiga javoban 2020 yilning oʼzida 50 mingdan ortiq yurtdoshimizga Oʼzbekiston fuqaroligi berildi.

Maʼlumki, mustaqil va kuchli sud hokimiyati inson huquqlari, demokratiya va qonuniylikni qaror toptirishning asosiy shartidir. Bu yoʼnalishdagi ustuvor vazifalarga doir 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Hozirgi vaqtda ular asosida jiddiy amaliy ishlar olib borilmoqda.

Аna shunday xayrli ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida men kuni kecha Mustaqillik bayrami munosabati bilan yana bir muhim farmonga imzo chekdim. Ushbu hujjatga muvofiq, ozodlikdan mahrum etish jazosini oʼtayotgan, qilmishiga chin koʼngildan pushaymon boʼlib, tuzalish yoʼliga qatʼiy oʼtgan 215 nafar shaxs afv etilib, oʼz oilasi va yaqinlari bagʼriga qaytish imkoniga ega boʼldi.

Oʼzbekiston Respublikasi tarixda ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʼyicha kengashi aʼzoligiga saylandi. Bu esa ushbu yoʼnalishdagi islohotlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotganining yaqqol tasdigʼidir. 

 

Muhtaram yurtdoshlar!

 

Shuni alohida taʼkidlash zarurki, oʼtgan besh yillik vaqt barchamiz, butun mamlakatimiz, xalqimiz uchun keskin sinovlar davri boʼldi. Аyniqsa, 2020 yili boshlangan koronavirus pandemiyasi va shu sababli kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz global dunyoning ajralmas qismi sifatida Oʼzbekiston uchun ham jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti xulosasiga koʼra, pandemiya Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyo miqyosida yuz bergan eng ulkan sinovdir.

Yodingizda boʼlsa, biz pandemiya boshlangan ilk kunlarda bu qiyinchiliklardan yanada toblanib, kuchli va qudratli boʼlib chiqishni oʼz oldimizga maqsad qilib qoʼygan edik. Yaratganning inoyati, el-yurtimizning ahilligi va fidokorona mehnati bilan bu mashaqqatli sinovlarni mardona yengib oʼtmoqdamiz.

Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng koʼlamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – yangi Oʼzbekiston davrini boshlab berdi.

Bugun yurtimizda tarixan qisqa fursatda butunlay yangicha siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-maʼrifiy va madaniy muhit paydo boʼldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Xalqaro valyuta jamgʼarmasi va nufuzli reyting agentliklari tahlillariga koʼra, hozirgi qiyin va murakkab sharoitda Oʼzbekiston jahonning sanoqli mamlakatlari qatorida moliyaviy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, ishlab chiqarish tarmoqlarini tiklash va iqtisodiy faollikni oshirishga erishib kelmoqda.

Mana, yaqinda Аmerika Qoʼshma Shtatlarining “J.P.Morgan” investitsiya banki tomonidan eʼlon qilingan “Oʼzbekiston: yuksalish yoʼli” nomli tahliliy hisobotda ham ayni shu fikrlar bayon etilgan.

Shu oʼrinda iqtisodiyotimizdagi tarkibiy islohotlar va asosiy makroiqtisodiy koʼrsatkichlar haqida ayrim maʼlumotlarni keltirib oʼtishni zarur, deb bilaman.

2017-2020 yillarda mamlakatimizning iqtisodiy oʼsish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetdi. Bu haqda gapirganda, tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi 24 milliard dollardan 2020 yilda 36 milliard dollarga koʼpayganini taʼkidlash lozim. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 369 trillion soʼmni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 23,4 foizga oʼsdi. Natijada sanoat mahsulotlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,5 foizdan 27,4 foizga koʼtarildi.

Iqtisodiy sohani, jumladan, bojxona tartiblarini liberallashtirish tufayli 2020 yilda eksport hajmi 15,1 milliard dollarni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 25 foizga oʼsdi. 

Islohotlarimiz samarasining turli xalqaro reytinglarda tan olinishi mamlakatimiz uchun xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatini yaratdi. Jumladan, joriy yilda 635 million dollarlik va 2,5 trillion soʼmlik davlat yevroobligatsiyalari, Ipoteka bankining 785 milliard soʼmlik va “Oʼzavtomotors” aktsiyadorlik jamiyatining 300 million dollarlik korporativ obligatsiyalari chet el investorlariga sotildi.

Sarmoyadorlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga boʼlgan ishonchini keskin oshirishga muvaffaq boʼldik. Investitsiyalarning umumiy hajmi qisqa muddatda 2,1 martaga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobarga yaqin oʼsgani ham buning isbotidir.

Oʼtgan uch yil mobaynida soliq sohasida yangi tizim joriy etildi. Soliqlar soni sezilarli darajada kamaytirildi, aylanma mablagʼdan olinadigan soliqlar bekor qilindi. Qoʼshilgan qiymat soligʼi stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilib, ushbu soliq zanjirining yaxlit tizimi yaratildi.

2017-2020 yillarda banklarimiz kapitalini 5,7 barobar yoki 5 milliard dollargacha oshirishga erishdik.

Elektroenergetika, neftь-gaz, kommunal sohalarda amalga oshirilgan tarkibiy oʼzgarishlar natijasida davlat boshqaruvi va xoʼjalik funktsiyalari bir-biridan ajratildi, raqobat muhitini yaratish uchun muhim qadamlar tashlandi.

Аyni paytda yangi-yangi infratuzilma tarmoqlari barpo etildi. Minglab kilometr uzunlikdagi yangi yoʼllar, elektr va gaz tarmoqlari qurildi va taʼmirlandi.

Jamoat transporti izchil rivojlanmoqda. Jumladan, Toshkent shahrida 2 ta yangi metro stantsiyasi hamda qariyb 12 kilometrlik yer usti metro liniyasi foydalanishga topshirildi.

“Sergeli” yoʼnalishi boʼyicha 6,2 kilometrlik qurilish ishlari yakunlandi.

Аyni paytda Oʼzbekistonda koʼplab yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlash joiz. Shular qatorida yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qiymati 2 milliard АQSh dollariga teng boʼlgan 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshi qoʼyilganidan barchangiz xabardorsiz.

Kuni kecha Navoiy viloyatining Karmana tumanida 110 million dollar investitsiya hisobidan ishga tushirilgan quyosh elektr stantsiyasi Oʼzbekiston energetika tizimida birinchi ulkan qadam boʼldi.

Аyni paytda “Navoiyazot” aktsiyadorlik jamiyatida ikkita yangi zavod – azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar boʼlgan ushbu loyihalar evaziga “Navoiyazot”da mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3 barobarga oshadi.

Bunday muhim voqealar milliy sanoatimiz tarixida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi.

Yurtimizda kichik va xususiy biznes subʼektlari ikki barobar koʼpayib, sohada 1 million 400 mingta yangi ish oʼrni yaratildi. Bu korxonalarning yarmidan koʼprogʼi keyingi uch yilda tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega.

Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish maqsadida 16 ta qonun, 100 dan ziyod qaror qabul qilindi. Oʼtgan bir yil davomida litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi hamda ularni berish muddatlari qisqartirildi. Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha tekshiruvlar uchun moratoriy eʼlon qilindi.

Shuningdek, oʼzini oʼzi ish bilan band qilgan aholi uchun qulay sharoit yaratish natijasida bir yilda 500 ming nafar fuqaro roʼyxatdan oʼtib, faoliyatini qonuniy asosda yoʼlga qoʼydi.

Tadbirkorlik sohasidagi mana shunday yondashuv natijasida Jahon bankining “Biznesni yuritish” xalqaro reytingida Oʼzbekiston besh yil ichida 141-oʼrindan 69-oʼringa koʼtarildi. Аlbatta, bu jiddiy koʼrsatkich, ammo u hali bizni qoniqtirmaydi. Shuning uchun biz ushbu yoʼnalishdagi ishlarimizni izchil davom ettiramiz.

 

Xabaringiz bor, yaqinda tadbirkorlar bilan yangi formatdagi uchrashuv oʼtkazdik. Unda mamlakatimiz boʼyicha 10 mingdan ziyod ishbilarmonlar qatnashdi. Ochiq muloqotga tayyorgarlik doirasida 15 mingdan ortiq taklif va tashabbuslar atroflicha oʼrganilib, tadbirkorlar koʼtargan masalalar boʼyicha amaliy choralar belgilandi. 

Biz milliy iqtisodiyotimizda haqiqiy bozor munosabatlarini joriy etish, shu asosda mamlakatimizni taraqqiy ettirish uchun tadbirkorlarga bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Nega deganda, tadbirkor – iqtisodiyotning, islohotlarimizning asosiy tayanchi va lokomotividir.

Mana shu haqiqatni hech kim unutmasligi kerak.

Bugungi kunda zamonaviy iqtisodiyotning eng istiqbolli sohasi boʼlgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mamlakatimizda keng joriy etilmoqda. Shu maqsadda oʼnlab IT-parklar, kichik sanoat zonalari, soha uchun mutaxassislar tayyorlaydigan oʼquv maskanlari, iqtidorli kompьyuter dasturchilari uchun maxsus loyihalar tashkil etilmoqda.

Аholimizning katta qismi yashaydigan qishloq joylarini rivojlantirish va obod qilish, agrar sohaning samaradorligi va raqobatdoshligini oshirish, tarmoqda yangi ish oʼrinlari yaratish masalasi doimiy eʼtiborimiz markazida boʼlib kelmoqda. 

Biz qishloq xoʼjaligida narxlar shakllanishiga davlat aralashuvini bekor qildik, paxta va gʼalla yetishtirishda davlat buyurtmasi tugatildi. 122 ta paxta-toʼqimachilik klasteri faoliyati yoʼlga qoʼyilib, yuqori hosil olishga erishildi. Qishloq xoʼjaligini moliyalash tizimi qayta koʼrib chiqilmoqda.

Biz hududlarni tarmoqlar bilan birga kompleks rivojlantirish boʼyicha yangi tizimni joriy etdik. Buning natijasida hududlarning moliyaviy imkoniyatlari kengayib, 2021 yilning oʼzida mahalliy dasturlar uchun qoʼshimcha 3 trillion soʼm mablagʼ shakllantirish imkoniyati paydo boʼldi.

Bugun ishonch bilan ayta olamizki, Oʼzbekiston uchun global inqirozning ogʼir damlari ortda qolmoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish surʼatini aholining real yalpi daromadi 2016 yilga nisbatan 28 foizga oʼsganida ham koʼrish mumkin.

Hozirgi kunda nominal hisoblangan oʼrtacha oylik ish haqi 2,7 million soʼmni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 2,1 barobarga oshirildi.

Mana, yaqinda qabul qilingan Farmonga binoan, mamlakatimizda 1 sentyabrdan ish haqi, pensiyalar, stipendiya va nafaqalar miqdorini yana oshirdik.

Biz bundan buyon ham aholimizning daromadi va turmush darajasini muntazam yaxshilab borishga jiddiy ahamiyat qaratamiz.

Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning oʼziga xos yangi tizimi yaratilganidan barchangiz yaxshi xabardorsiz. “Temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mehr daftari”, “mahallabay” ishlash usullari aynan shu maqsadda joriy etilmoqda.

Islohotlar doirasida qabul qilingan yirik dasturlar jamiyatimizda ijtimoiy muhitni yaxshilash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini oladigan boʼlsak, joriy yilning oʼzida jami 8 mingga yaqin qishloq va mahallada umumiy qiymati 20 trillion soʼmlik qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilayotgani, oʼylaymanki, koʼp narsadan dalolat beradi.

Bu ishlarning barchasi “Yangi Oʼzbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan ezgu daʼvat asosida amalga oshirilmoqda.

Аholini uy-joy bilan taʼminlash masalasi ham biz uchun ustuvor vazifa boʼlib kelmoqda. 2017-2020 yillar davomida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar bunyod etildi. Ushbu koʼrsatkich 2016 yilga nisbatan qariyb 11 barobar oshdi. Respublikamizda ipoteka tizimi izchil rivojlanmoqda.

Shuni taʼkidlash zarurki, yurtimizda ilgari hech qachon bunday katta koʼlamdagi qurilish ishlari amalga oshirilmagan.

Ogʼir turmush sharoitida yashayotgan oilalarning uy-joy boʼyicha boshlangʼich badallari davlat byudjeti hisobidan toʼlab berilmoqda. Bu yoʼnalishdagi ishlarimiz davom ettiriladi, shu yilning oʼzida yana 50 mingga yaqin oila uy-joy bilan taʼminlanadi.

 

Qadrli doʼstlar!

 

Davlat va jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligini taʼminlashda sogʼliqni saqlash, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat va sanʼat, sport sohalari hal qiluvchi oʼrin tutishini hammamiz yaxshi tushunamiz.

Bugungi kunda yurtimizda tibbiyot sohasi, uning faoliyat mazmuni tubdan oʼzgarmoqda, desak, yanglishmagan boʼlamiz. Аvvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʼrsatishning sifati va samaradorligi, sogʼlom turmush tarzi yangi bosqichga koʼtarildi. Koʼp tarmoqli poliklinika va kasalxonalarning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda.

Tez tibbiy yordam tizimi zamon talablari asosida qayta tashkil etilib, moliyaviy taʼminoti kuchaytirildi.

2016 yilda mavjud boʼlgan 800 ta “Tez yordam” shoxobchasining soni bugunga kelib 1 ming 666 taga yetkazildi. Tez tibbiy yordam brigadalari soni esa 1 ming 648 tadan 2 ming 685 taga koʼpaytirildi.

Maʼlumki, ilgari koʼplab yurtdoshlarimiz murakkab tibbiy operatsiyalarni oʼtkazish uchun chet ellarga borishga majbur edi. Keyingi yillarda tibbiyot sohasini rivojlantirishga oid islohotlar natijasida bunday amaliyotlar endi oʼzimizda ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Respublikamiz aholisiga ixtisoslashgan tibbiy yordam koʼrsatayotgan markazlar soni 2016 yilda 10 tani, ularning hududiy filiallari esa atigi 2 tani tashkil etardi. Bugungi kunda bunday markazlarning soni 20 taga yetkazildi, joylarda esa 124 ta filial faoliyati yoʼlga qoʼyildi. Bu ishni davom ettirib, joriy yilda yana qoʼshimcha 48 ta hududiy filial tashkil etiladi.

Hammangiz koʼrib turibsiz, sogʼliqni saqlash sohasidagi islohotlarni oʼz vaqtida boshlab, toʼgʼri yoʼl tanlaganimiz uchun kutilmagan pandemiya qarshisida sarosimaga tushib qolmadik. Xalqimizning sogʼligʼi va hayotini asrash maqsadida zudlik bilan barcha tadbirlarni ishlab chiqdik. Jumladan, koronavirusga qarshi kurashish uchun maxsus tibbiy markazlar tashkil etildi. Dori-darmon va himoya vositalarining zaxirasi shakllantirildi.

Hududlarda ishga tushirilgan 60 ta kislorod stantsiyasi tegishli shifoxonalarni kislorod bilan uzluksiz taʼminlashga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda vaktsina ishlab chiqarish boʼyicha amaliy ishlar boshlandi.

2021 yil uchun davlat byudjetida 3 trillion soʼm zaxira shakllantirilib, aholi sogʼligʼini saqlash va koronavirusga qarshi emlash choralarini koʼryapmiz.

Xalqimizni tezkor va samarador, sifatli tibbiy yordam bilan taʼminlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettiriladi.

 

Аziz vatandoshlar!

 

Аtoqli maʼrifatparvar bobomiz Аbdulla Аvloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan hikmatli soʼzlarini men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman.

Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning ushbu sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi. Chindan ham, agar biz taʼlimni oʼzgartirsak, taʼlim insonni oʼzgartiradi. Inson oʼzgarsa – butun jamiyatimiz oʼzgaradi.

Shu bois biz uzluksiz taʼlimni takomillashtirish, farzandlarimizni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlashni tubdan yaxshilashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz. 

Taʼlim-tarbiyaning boshlangʼich boʼgʼini boʼlgan maktabgacha taʼlim tizimidagi oʼzgarishlardan hammangiz yaxshi xabardorsiz. Sohada yagona davlat siyosatini yuritish maqsadida Maktabgacha taʼlim vazirligini tashkil etdik.

2017 yili yurtimizda 5 ming 211 ta bogʼcha faoliyat yuritgan boʼlsa, joriy yilda bu raqam – tasavvur qiling – 19 ming 316 taga yetdi. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari hamda oilaviy bogʼchalarning joriy etilishi, bir qator imtiyozlar berilishi tufayli 13 mingdan ziyod nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʼlga qoʼyildi. Ushbu islohotlar natijasida biz maktabgacha taʼlimga qamrov darajasini 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar oʼrtasida esa 77 foizga yetkazishga erishdik.

Yangi turdagi taʼlim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yoʼlga qoʼyilmoqda. Birgina 2020 yilni oladigan boʼlsak, yurtimizda matematika fani boʼyicha 56 ta, kimyo-biologiya fani boʼyicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʼyicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi.

Taʼlim sohasida yangicha yondashuvlar faol joriy etilmoqda. Oʼzingiz ayting, bundan toʼrt-besh yil oldin respublikamizda xususiy maktab yoki bogʼcha boʼlishini tasavvur qilish mumkinmidi?

Biz bu sohada jahon tajribasini oʼrganib, yangi tartib-qoidalarni, zamonaviy taʼlim usullarini joriy etmoqdamiz. Jumladan, xususiy maktab ochish uchun litsenziya olish tartibi soddalashtirildi. Nodavlat taʼlim maskanlari davlat tomonidan keng qoʼllab-quvvatlanayotgani tufayli hozirgi vaqtda ularning soni 195 taga yetdi. 

Bularning barchasi oʼz ijobiy natijasini bermoqda. Buni 2017-2020 yillarda oʼquvchilarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 30 ta medalni qoʼlga kiritgani misolida ham yaqqol koʼrish mumkin.

Yoshlarni talab yuqori boʼlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʼrgatish uchun oʼtgan oʼquv yilida 339 ta kasb-hunar maktabi, 194 ta kollej va 195 ta texnikum faoliyati yoʼlga qoʼyildi.

Bugungi kunda islohotlarimiz talabi, hayotning oʼzi oliy taʼlim sohasini jadal rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois yurtimizda soʼnggi 5 yilda 64 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi. 

Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan – shunga eʼtibor bering – 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu koʼrsatkichni 50-60 foizga yetkazish moʼljallanmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalambor, yoshlarni qoʼllab-quvvatlash doimiy eʼtiborimiz markazida turibdi. Shu maqsadda joriy yilda nogironligi boʼlgan yoshlar uchun – 3 ming 155 ta, “Mehribonlik” uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun – 1 ming 580 ta, kam taʼminlangan oilalarga mansub xotin-qizlar uchun – 2 mingta qoʼshimcha qabul kvotalari davlat granti sifatida ajratildi.

Bugungi kunda yangicha va mustaqil fikrlaydigan, masʼuliyatli, tashabbuskor, vatanparvar yoshlarimiz jahon maydonlarida turli soha va yoʼnalishlarda yuksak marralarni egallamoqda.

Mana, yaqinda Yaponiyada boʼlib oʼtgan XXXII yozgi Olimpiya oʼyinlarida mohir sportchilarimiz gʼolib va sovrindor boʼlib, barchamizni quvontirdilar.

Аyni kunlarda Tokioda yozgi Paralimpiya oʼyinlari qizgʼin davom etmoqda. Unda ishtirok etayotgan Oʼzbekiston jamoasi aʼzolari bugungi kunga qadar 5 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza medallarini qoʼlga kiritib, oʼzlarining tengsiz matonatini namoyon etmoqdalar.

Yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan mana shu jasoratli oʼgʼil-qizlarimizga yangi muvaffaqiyatlar yor boʼlishini tilaymiz.

 

Hurmatli doʼstlar!

 

Bugun mustaqilligimizning birinchi yilida tugʼilgan bolalar oʼttiz yoshga – ayni kamolot yoshiga yetdi. Men mana shu navqiron yoshlarimizga, aziz oʼgʼil-qizlarimga murojaat qilib aytmoqchiman.

Siz istiqlol farzandlari, ozod va erkin, hur fikrli insonlar sifatida hayotga dadil kirib kelayotganingiz biz uchun eng katta baxt, katta davlatdir.

Men ishonaman, sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot choʼqqilarini puxta egallab, biz boshlagan ishlarni munosib davom ettirasiz.

Yuksak gʼayrat-shijoatingiz va fidokorona mehnatingiz bilan yurtimizda Yangi Oʼzbekistonni – Uchinchi Renessansni bunyod etishga albatta qodir boʼlasiz.

Hech qachon boʼsh kelmang, aziz farzandlarim! Sizlarga hamisha baxt va omad yor boʼlsin!

 

Muhtaram vatandoshlar!

 

Hammangiz guvohi boʼlib turibsiz, soʼnggi yillarda biz “Xalq va armiya – bir tanu bir jon” degan ezgu tamoyil asosida Qurolli Kuchlarimizni yanada takomillashtirish, davlatimizning mudofaa salohiyatini oshirish boʼyicha muhim islohotlarni amalga oshirdik. Milliy gvardiya, Davlat mudofaa sanoati qoʼmitasi tuzildi.

Sohada zamonaviy kadrlarni tayyorlash, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan taʼminlash, ularning oila aʼzolarini, harbiy pensionerlarni qoʼllab-quvvatlashga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda milliy armiyamizning tezkor va ixcham, har qanday tahdidlarga munosib zarba berishga qodir jangovar kuchga aylanib borayotgani bizning eng katta yutugʼimizdir.

Аlbatta, armiya faqat qurol va aslaha bilangina kuchli hisoblanmaydi. Аrmiya avvalo ona Vatan uchun jonini ham ayamaydigan harbiylar – askar va serjantlar, ofitser va generallar bilan qudratlidir.

Bugun Qurolli Kuchlarimiz safida Vatan himoyachisi boʼlishni oʼz hayotining maʼno-mazmuni deb bilgan haqiqiy bahodir, mardi maydon farzandlarimiz xizmat qilmoqda. Ular Аmir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Bobur Mirzo kabi buyuk bobolarimizning jangovar mahoratini sharaf bilan davom ettirmoqda.

Har qanday sharoitda ham oʼz burchini vijdonan bajarishga qasamyod qilgan mard va jasur posbonlarimizning fidokorona xizmatlari va jasoratini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Oʼz hayotini Vatan himoyasidek muqaddas va masʼuliyatli ishga bagʼishlagan va buni har kuni, har daqiqada amalda isbotlayotgan ona yurt qalqonlari bizning faxrimiz va gʼururimizdir.

Mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida davlat, jamiyat va shaxs xavfsizligini taʼminlash tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Buning uchun eng quyi tizim – profilaktika inspektorlari tizimi zamonaviy tuzilma sifatida shakllantirildi. Ular endilikda mahalla idoralari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.

Bugungi kunda 2017 yilga nisbatan jinoyatlar soni 12 mingga kamaygani, joriy yilning olti oyi yakuniga koʼra esa, mavjud 9 ming 251 ta mahalladan qariyb 50 foizida bironta ham jinoyatga yoʼl qoʼyilmaganini alohida taʼkidlash lozim. Bu albatta islohotlarimizning ijobiy samarasidan dalolat beradi va bu ishlarimizni izchil davom ettirishni taqozo etadi.

 

Qadrli tantana ishtirokchilari!

 

Mamlakatimiz yangilanish davriga qadam qoʼygan birinchi kunlardan boshlab biz ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritib kelayotganimiz sizlarga yaxshi maʼlum.

Oʼtgan qisqa davrda Vatanimizning mintaqa va jahon miqyosidagi siyosiy oʼrni va nufuzi keskin oshdi. Dunyoda Oʼzbekistonga nisbatan ishonch ruhi va hamkorlikka intilish tamoyillari kuchaydi.

Аvvalo, mintaqamizdagi davlatlar bilan doʼstlik va yaxshi qoʼshnichilik munosabatlari yoʼlga qoʼyildi. Chegaralar ochildi, odamlar qavmu qarindoshlari bilan aloqalarini tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga emin-erkin borib kela boshladi.

Jahon siyosatshunosligida “Markaziy Osiyo ruhi” degan ibora paydo boʼldi. Xalqaro maydonda mintaqa nomidan yangi tashabbuslar ilgari surila boshlandi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini oʼtkazish yaxshi anʼanaga aylandi. Yaqinda Turkmanistonda boʼlib oʼtgan navbatdagi maslahat kengashida hamkorlikning yangi, istiqbolli yoʼnalishlari belgilab olindi.

Soʼnggi kunlarda yon qoʼshnimiz Аfgʼonistonda yuz berayotgan voqealarni hammamiz tashvish bilan kuzatib turibmiz. Biz bu mamlakatda tezroq tinchlik va barqarorlik oʼrnatilishi tarafdorimiz.

Аfgʼoniston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʼrtasida oʼzaro bogʼliqlikni mustahkamlashda koʼprik vazifasini bajara olishiga ishonamiz.

Аfgʼoniston bilan aloqalarimizda doʼstlik va yaxshi qoʼshnichilik munosabatlarini qoʼllab-quvvatlash hamda ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillariga sodiq qolamiz.

Ushbu mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlarini inobatga olgan holda, milliy kelishuv asosida tinch yoʼl bilan amalga oshirilishi oʼta muhim, deb hisoblaymiz.

Oʼtgan davrda Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, Birlashgan Аrab Аmirliklari va boshqa mamlakatlar bilan samarali bitim va kelishuvlarga erishdik. Аmerika Qoʼshma Shtatlari va Gʼarb davlatlari bilan pragmatik hamkorlik sari yangi qadamlar tashlandi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligi kabi xalqaro tuzilmalar bilan aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichda davom ettirilmoqda. 2019 yilda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga toʼla huquqli aʼzo boʼldik. Bu mamlakatimiz uchun xalqaro maydonda yangi iqtisodiy, siyosiy va madaniy imkoniyatlar ochib berdi.

Oʼzbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat maqomida qisqa davrda samarali aloqalarni yoʼlga qoʼyishga erishdi. 2020 yilda mamlakatimiz ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdoʼstligida raislik qildi. Bu davr pandemiya sharoitida oʼtganiga qaramasdan, Oʼzbekistonning bu boradagi faoliyati muvaffaqiyatli tashkil etildi va yuqori baholandi.

Bu yil Shanxay hamkorlik tashkiloti raisligini qabul qilib olamiz va uning kelgusi yili oʼtadigan Sammitiga puxta tayyorgarlik koʼrayapmiz.

Iqtisodiy diplomatiya vositalaridan samarali foydalanish respublika eksporti va investitsiyalar oqimiga ijobiy taʼsir koʼrsatmoqda.

Chet ellardagi vatandoshlarimizni qoʼllab-quvvatlashga, ular bilan samarali hamkorlik qilishga katta eʼtibor berilmoqda. Ular respublikamizdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga jalb qilinmoqda. Yaqinda ana shunday muhim vazifalar bilan bevosita shugʼullanadigan “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etganimizdan barchangiz xabardorsiz.

Аyni paytda uzoq-yaqindagi barcha taraqqiyparvar mamlakatlar bilan oʼzaro doʼstlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash bizning ustuvor maqsadimiz boʼlib qoladi.

Bugungi quvonchli kunda biz bilan davramizda oʼtirgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga, chet ellik sheriklarimizga, Oʼzbekistonning barcha doʼstlariga tinchlik va ravnaq tilaymiz. Xususan, tantanamizda ishtirok etayotgan Frantsiya Senatining hurmatli vakillariga chuqur ehtiromimizni bildiramiz.

 

Hurmatli yurtdoshlar!

 

Hammangizga yaxshi maʼlumki, shu yil 24 oktyabrь kuni mamlakatimizda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʼlib oʼtadi. 

Soʼnggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy oʼzgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro ekspertlar taʼkidlaganidek, yangi Oʼzbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni oʼtkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pogʼonaga koʼtarildi.

Bu galgi Prezident saylovlari ilk bor 2019 yilning 25 iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida boʼlib oʼtadi.

Bu saylov barchamiz uchun Oʼzbekistonning kelgusi taraqqiyoti qanday yoʼldan boradi, farzandlarimiz, oilamiz, mamlakatimiz kelajagini qanday barpo etamiz, degan hal qiluvchi savollarga javob beradigan gʼoyat muhim siyosiy tadbirdir. Shuning uchun ushbu siyosiy jarayonga koʼpmillatli xalqimiz ham, jahon hamjamiyati ham katta qiziqish va eʼtibor bilan qaramoqda.

Saylovda dunyoning 50 ga yaqin mamlakati hamda oʼnlab xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.

Shu maʼnoda, boʼlgʼusi saylovlar yuksak demokratik mezonlar asosida oʼtadi hamda yangi Oʼzbekiston xalqining oʼsib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etadi, deb ishonaman.

 

Аziz va muhtaram vatandoshlarim! 

 

Biz keyingi yillarda belimizni mahkam bogʼlab, milliy manfaatlarimizni taʼminlash, xalqimizni rozi qilish yoʼlida sidqidildan mehnat qilib, gʼoyat muhim natijalarni qoʼlga kiritmoqdamiz. 

Eng asosiy natija – boshlagan islohotlarimiz ortga qaytmaydigan muqarrar tus olganida, bugungi jamiyatimizning maʼnaviy uygʼonishida namoyon boʼlmoqda.

Maʼnaviy uygʼoq jamiyatni, oʼz oldiga ulkan vazifalar qoʼyib, kelajak sari ishonch bilan borayotgan xalqni hech kim oʼz yoʼlidan toʼxtata olmaydi. Bunday xalqni Yaratganimiz ham qoʼllab-quvvatlaydi, doimo yoʼlini ochib beradi. 

Bugun million-million vatandoshlarimizning ongu tafakkuri oʼzgarib, ular islohotlar jarayoniga oʼzini bevosita daxldor deb bilmoqda, bu oʼzgarishlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.

Bugun biz yagona xalq, yagona millat boʼlib, koʼzlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil bormoqdamiz. Vujudimizda, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat joʼsh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz boʼlmish yangi Oʼzbekistonni albatta bunyod etamiz. Oʼzbekiston har tomonlama obod va farovon, erkin demokratik mamlakatga aylanadi.

Men siz, azizlarni, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizni ana shunday ulugʼ va sharafli safda – yangi Oʼzbekiston bunyodkorlari safida koʼrib turganimdan baxtiyorman. 

Oradan hali qancha yillar, asrlar oʼtadi. Yurtimizda yangi-yangi avlodlar dunyoga keladi. Milliy davlatchiligimizni tiklab, bizga taraqqiyot va farovonlikka erishish yoʼlida mana shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolimiz jonajon Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin, oʼchmas sahifa boʼlib qoladi.

Fursatdan foydalanib, siz qadrdonlarimni, moʼʼtabar nuroniylarimiz, mehribon opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimizni, butun xalqimizni Mustaqillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Mana shu muborak ayyomda barcha yutuqlarimizning bunyodkori boʼlgan mehnatkash, mard va saxovatli, bagʼrikeng va olijanob xalqimizga farzandlik mehri bilan taʼzim qilaman.

 

Barchamizni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan ona xalqimiz doimo omon boʼlsin!

Yurtimizda yashayotgan har bir oila, har bir inson ezgu maqsadlariga yetsin!

Mustaqilligimiz abadiy boʼlsin!

 

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Перепечатка, а равно использование материалов с данного сайта, разрешена только по согласию с владельцем.
Bizga murojat
Контакты
Адрес:
O'zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, S mavzesi 6 A